Mahalliy
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda paxta hosilining 76 foizi yig‘ib olindi
O‘zbekistonda 12-oktyabr holatiga ko‘ra, 3,4 mln tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Joriy yil hosili uchun 4,5 mln tonna paxta yig‘ib olish rejalashtirilgan. Hozirgacha belgilangan ko‘rsatkichning 76 foizi bajarilgan.
Yig‘ib olingan paxtaning 2,6 mln tonnasi terim mashinalari yordamida, 848 ming tonnasi esa qo‘lda terilgan. Shu tariqa, umumiy hosilning qariyb 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘lda terilgan paxtaning 174 ming tonnasi dalalar chetlarini mashinalar harakatlanishi uchun tayyorlash maqsadida yig‘ib olingan. Yana 674 ming tonna paxta esa terim mashinalari kira olmaydigan kichik maydonlardan terilgan.
Ayni paytda paxta yig‘im-terimiga qariyb 3 mingta yuqori unumli terim mashinasi jalb qilingan. Shundan mingdan ortig‘i joriy yilda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga lizing asosida yetkazib berilgan.
12-oktyabr kuni mashinalar yordamida 147 ming tonna paxta terilgan. Bir mashinaga kuniga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri kelgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, paxta yig‘im-terimi davom etmoqda.
Dunyo
BMT: sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari 2030-yilga borib 1,3 milliard odam ehtiyojiga teng suv talab qilishi mumkin
Sun’iy intellektni ta’minlaydigan ma’lumotlar markazlari 2030-yilga borib 1,3 milliard kishining asosiy maishiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan suv hajmiga teng resurslarni iste’mol qilishi mumkin. Bu haqda BMT universiteti huzuridagi Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti hisobotida ma’lum qilindi.
Tadqiqotchilar prognoziga ko‘ra, 2030-yilda sun’iy intellekt infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlovchi global ma’lumotlar markazlari 945 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bu ko‘rsatkich Pakistan, Bangladesh va Nigerianing umumiy yillik elektr energiyasi iste’molidan qariyb uch baravar yuqori.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, ma’lumotlar markazlarining suv sarfi Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlarida yashovchi 1,3 milliard kishining yillik asosiy suv ehtiyojiga tenglashishi mumkin. Ular egallaydigan yer maydoni esa 14 ming kvadrat kilometrdan oshib, Jakarta aglomeratsiyasi hududidan qariyb ikki baravar katta bo‘ladi.
Olimlar sun’iy intellektning ekologik ta’sirini faqat uglerod chiqindilari bilan baholash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, har bir kilovatt-soat elektr energiyasi o‘zi bilan suv va yer izini ham olib keladi. Shu sababli sun’iy intellekt infratuzilmasining haqiqiy ekologik qiymati uglerod, suv va yer resurslariga ta’sirni birgalikda hisobga olgan holda baholanishi kerak.
Hisobotda qayd etilishicha, 2025-yilda global ma’lumotlar markazlari 448 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilgan. Agar ular alohida davlat sifatida qaralsa, elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinni egallagan bo‘lardi.
Tadqiqotchilar sun’iy intellekt tizimlarida asosiy energiya sarfi modellarni o‘qitish emas, balki foydalanuvchilarning kundalik so‘rovlariga javob berish jarayoniga to‘g‘ri kelishini ta’kidlaydi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, ChatGPT bir kunda taxminan 2,5 milliard so‘rovni qayta ishlaydi. Bu yiliga qariyb 383 gigavatt-soat elektr energiyasi sarfini anglatadi.
Olimlarning qayd etishicha, sun’iy intellekt tizimlarining samaradorligi oshib, ulardan foydalanish arzonlashgani sari iste’mol hajmi ham keskin ortadi. Natijada texnologik tejamkorlikdan olingan foyda umumiy foydalanish hajmining o‘sishi hisobiga yo‘qqa chiqishi mumkin.
Hisobotda sun’iy intellekt infratuzilmasining mahalliy ekologik bosimi haqida ham misollar keltirilgan. Jumladan, Irelandda 2023-yilda ma’lumotlar markazlari mamlakat elektr energiyasi iste’molining 21 foizini tashkil etgan. Shundan so‘ng milliy elektr tarmog‘i operatori Dublin hududida yangi ma’lumotlar markazlari uchun ruxsatnomalar berishni 2028-yilgacha to‘xtatgan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, 2030-yilga borib sun’iy intellekt infratuzilmasi har yili 2,5 million tonnagacha elektron chiqindi hosil qilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Hisobot mualliflari fikricha, ma’lumotlar markazlari ko‘pincha suv tanqisligi kuzatiladigan hududlarda qurilmoqda va bu ekologik hamda ijtimoiy tengsizlik xavfini kuchaytirishi mumkin.
