Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etilishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Regulyatorning ma’lum qilishicha, muhokamalarga sabab bo‘lgan tashabbus Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Markaziy bank ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish asosida turli takliflar ishlab chiqishi tabiiy hol ekanini qayd etdi.
Shuningdek, mazkur fikr ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti davomida bildirilgani, u hozircha rasmiy taklif sifatida vakolatli davlat organlariga kiritilmaganligi ta’kidlandi.
Markaziy bankka ko‘ra, bunday tashabbuslar ko‘rib chiqilgan taqdirda, ularning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi hamda mamlakat moliyaviy barqarorligiga ta’siri har tomonlama baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti soliq siyosatiga bag‘ishlangan muloqotda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini 5 foizlik dividend solig‘i stavkasida soliqqa tortish taklifini ilgari surgan edi.
Institut vakillari ushbu taklifni mamlakatda passiv daromadlarning aksariyati soliqqa tortilishi, biroq bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari bundan mustasno ekani bilan izohlagan.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari hajmi 170 trillion so‘mni tashkil etgan. Agar omonatlar bo‘yicha o‘rtacha 16 foizlik foiz stavkasi va 5 foizlik soliq qo‘llansa, davlat budjetiga yiliga qariyb 1,4 trillion so‘m qo‘shimcha daromad tushishi mumkin.
Shu bilan birga, institut mazkur tashabbus ilmiy taklif ekanini, uni qabul qilish yoki rad etish bo‘yicha yakuniy qaror vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilinishini ma’lum qilgan.
