O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar olish uchun arizalar qabuli 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, arizalar avval taqdim etilgan subsidiyalar bo‘yicha amal qilish muddati davomida foydalanilmay qolgan limitlar hisobidan qabul qilinadi.
Subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida o‘tkaziladigan baholash natijasiga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi hamda dasturda ishtirok etayotgan kamida bitta tijorat bankining kredit tarixi bo‘yicha ichki talablariga mos kelishi lozim.
Shuningdek, ariza beruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i nomida respublikaning hech bir hududida mulk huquqi asosida turar joy bo‘lmasligi talab etiladi. Ariza beruvchining o‘rtacha oylik daromadi ham belgilangan ijtimoiy mezonlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari esa arizalarni faqat Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish orqali topshiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi OneID tizimidan foydalanayotgan fuqarolarni kredit tarixini tekshirish bilan bog‘liq muhim talab haqida ham ogohlantirdi. Ariza topshirish va baholash jarayonida OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali dasturda ishtirok etayotgan tijorat banklariga kredit tarixini tekshirish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi zarur.
Bundan tashqari, kredit tarixini olishga nisbatan vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, tijorat banklari ariza beruvchining kredit tarixini baholay olmaydi va bu subsidiya olish uchun topshirilgan arizaning rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur dasturda Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak yo‘li banki, Ipoteka-bank OTP Group, Mikrokreditbank, Orient Finans bank, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank hamda O‘zsanoatqurilishbank kredit tarixini baholash bo‘yicha ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolarga tijorat banklarida maxsus maqsadli ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochish imkoniyati yaratilgani ma’lum qilingan edi. Ushbu hisobvaraq orqali fuqarolar birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun dastlabki badal mablag‘larini shakllantirishi mumkin.