O‘zbekistonda oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oladigan respondentlarning 32 foizi kelgusida sayohat uchun pul sarflashni rejalashtirmoqda. Bu Markaziy bankning 2026-yil II chorak uchun “Iste’mol kayfiyati sharhi”da qayd etilgan.
Mazkur daromad guruhida respondentlarning 30 foizi uy-joy ta’miri, 19 foizi avtomobil, 17 foizi uy-joy xaridi, 15 foizi esa oilaviy bayramlar uchun xarajat qilishni rejalashtirgan.
Oyiga 20–30 mln so‘m daromad oladiganlar orasida sayohatga pul sarflashni rejalashtirayotganlar 18 foizni tashkil etgan. Ularning 16 foizi avtomobil, 15 foizi uy-joy xaridiga mablag‘ ajratmoqchi.
Daromad oshgani sari avtomobil, sayohat va uy-joy kabi yirik xarajatlarga pul sarflashni rejalashtirayotganlar ulushi ham ko‘paygan. Umuman, respondentlar kelgusi oylarda uy-joy ta’miri, ta’lim, davolanish, to‘y va avtomobil uchun xarajatlarni oshirishni kutmoqda.
Aholining 46,4 foizida jamg‘arma yo‘q
So‘rovda qatnashganlarning 46,4 foizi kelgusi davr uchun jamg‘armasi yo‘qligini bildirgan. Shu bilan birga, 64,3 foiz respondent jamg‘armalari kelgusida ko‘payishini kutmoqda. 23,3 foiz ularning o‘zgarishsiz qolishini, 12,4 foiz esa kamayishini bildirgan.
Jamg‘armasi bor respondentlarning mablag‘i qancha muddatga yetishi bo‘yicha ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida aholining jami depozitlari qoldig‘i yillik hisobda 38 foizga oshgan. Milliy valyutadagi muddatli omonatlar qoldig‘i esa 25,6 foizga ko‘paygan.
