Xazna — 100 mln so‘mgacha onlayn mikroqarz
Dc

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘iston bilan hamkorlik

Davlat rahbari Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdini qabul qildi. Uchrashuv avvalida vazir Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Prezident administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalar yuqori baholandi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil oshib borayotgani, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ekologiya sohalarida hamkorlik loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bajarish va kelgusi yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston bilan aloqalar

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan ham uchrashdi. Vazir davlat rahbariga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Prezidentning joriy yil iyul oyida Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmi o‘sib borayotgani, korxonalar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari kengayayotgani, energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Kelgusi yil uchun madaniy-gumanitar tadbirlar va hududlararo almashinuvlar rejasini ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Tojikiston bilan hamkorlik

Prezident Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni ham qabul qildi. Uchrashuv avvalida vazir Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro savdo va yuk tashish hajmi ortib borayotganini, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik loyihalari faol bosqichga kirganini ta’kidladi. Madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Uchala uchrashuvda ham Markaziy Osiyodagi hamkorlik va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

By admin