19-oktyabr kuni kechqurun Toshkentning to‘rtta tumanida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi. Bunga “Aksa Toshkent” issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga shar tushishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan stansiyaning himoya tizimi ishga tushgan. Natijada elektr stansiyasining quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.
Dastlab elektr ta’minotidagi uzilish stansiyaning T-5 transformatoridagi shikastlanish bilan izohlangan. Keyinchalik esa hodisaga ochiq taqsimlash qurilmasiga shar tushishi va buning oqibatida himoya tizimi ishga tushgani sabab bo‘lgani ma’lum qilingan.
Hodisa oqibatida Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan.
Tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalari orqali ta’minot qayta yo‘lga qo‘yilgan, 19:38 ga kelib esa barcha iste’molchilar elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan.
Vazirlik hodisa kuzatuv kameralariga tushganini bildirib, videoyozuvni ham e’lon qildi. Fuqarolardan elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslik so‘raldi.

