Xazna — 100 mln so‘mgacha onlayn mikroqarz
Nh

Turkiyaning Pegasus Airlines loukoster aviakompaniyasi 2026-yil dekabridan Buxoro va Andijonga, 2027-yil martidan esa Termizga muntazam parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi ma’lumot aviakompaniyaning rasmiy sayti va mobil ilovasida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Istanbul—Buxoro yo‘nalishidagi ilk reys 14-dekabrga, Istanbul—Andijon reysi 18-dekabrga, Istanbul—Termiz qatnovi esa 2027-yil 1-martga belgilangan. Uchala yo‘nalish bo‘yicha ham aviachiptalar sotuvi boshlangan.

Chiptalar narxi 99 dollardan boshlanadi. Yakuniy narx parvoz sanasi, yo‘nalish va bo‘sh o‘rinlar soniga qarab o‘zgaradi. Eng arzon Light tarifida ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bagaj va odatiy qo‘l yuki alohida to‘lanadi. Salonga esa faqat uch kilogrammgacha bo‘lgan kichik sumkani bepul olib kirish mumkin.

Parvozlar Istanbuldagi Sabiha Gökçen aeroporti orqali amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu Buxoro, Andijon va Termiz yo‘lovchilariga Toshkent orqali o‘tmasdan Istanbulda boshqa reyslarga ulanib, London, Manchester, Parij va Praga kabi shaharlarga parvoz qilish imkonini beradi.

Fuqaro aviatsiyasi agentligi reyestriga ko‘ra, Pegasus Airlines 6-oktyabr kuni O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish uchun 58-K-sonli ekspluatatsion ruxsatnomani olgan.

Pegasus Airlines’ning O‘zbekiston bozoriga kirishi bo‘yicha muzokaralar avval ham olib borilgan. 2019-yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi aviakompaniya bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan, 2021-yilda esa loukoster ziyorat turizmi yo‘nalishida ham O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan edi.

Pegasus Airlines Turkiyaning yirik byudjet aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlariga muntazam parvozlarni amalga oshiradi.

By admin