Xazna — 100 mln so‘mgacha onlayn mikroqarz
Ng

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida YPX xodimi ortidan kuzatib borgan Captiva ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB JXX YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Hodisa 18-oktyabr kuni soat 08:20 larda tumanning “Yangi qurilish” mahallasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, xizmat olib borayotgan YPX inspektori haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan shaxs boshqaruvidagi Captiva avtomobiliga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi talabga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan. Shundan so‘ng inspektor o‘ziga biriktirilgan Lacetti xizmat avtomobilida Captiva ortidan borgan.

IIB ma’lumotiga ko‘ra, Captiva haydovchisi malakasizligi sabab asosiy yo‘lda harakatlanayotgan Lacetti yo‘liga chiqib ketgan. Oqibatda avtomobillar to‘qnashgan, Lacetti haydovchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.

Hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda. Shuningdek, viloyat IIB mas’ul xodimlari YPX inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvini tayinlagan.

Avvalroq Kun.uz nashri hodisa haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, YPX xodimlari Captiva’ni xizmat avtomobilida ta’qib qilgan, haydovchi esa tezlikni oshirib, boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishda emas, o‘z yo‘lida harakatlanayotgan Lacetti bilan to‘qnashgan.

Nashr Lacetti haydovchisining akasi bilan ham suhbatlashgan. Uning aytishicha, avtomobil salonida besh kishi bo‘lgan va ularning barchasi turli darajada jarohatlangan. Jumladan, haydovchining ukasi qo‘li singani va boshqa jarohatlari sabab shifoxonada davolanishni davom ettirgan.

By admin