Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida ruxsatnomasiz diniy adabiyotlar chop etgan noqonuniy bosmaxonalar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida Buvayda tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro qarindoshlari bilan birgalikda noqonuniy bosmaxona tashkil etgani aniqlangan. Ular tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz diniy mazmundagi kitoblarni chop etgan.
Bosmaxonadan 17 579 dona tayyor kitob, 500 kilogrammdan ortiq yarim tayyor kitob mahsulotlari hamda to‘rtta bosma va yelimlash uskunasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Shu hududdagi tezkor tadbir davomida 216 ming dona pirotexnika vositasi ham musodara qilingan.
Shunga o‘xshash holat Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ham aniqlangan. 1981-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroga tegishli noqonuniy bosmaxonadan 8,5 mingdan ortiq kontrafakt diniy adabiyot protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

