Saida Mirziyoyeva AQSHga tashrifi doirasida Google kompaniyasi vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Prezident administratsiyasi rahbari O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik so‘nggi yillarda takomillashtirilganini ta’kidladi.
“Biz so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirdik. Buning natijasida O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochilmoqda”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning qayd etishicha, Google bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar mavjud. Oldinda bu borada qator muhim vazifalar turibdi.
