Nbg

Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

4-sentyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Afg‘onistonning Kam Air kompaniyasi rahbari Omar Mohammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Uzbekistan Airports tijoriy faoliyat departamenti boshlig‘i Timur Xalilov ham ishtirok etdi.

Muloqotda 26–27-iyul kunlari Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, aviatsiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi yuzasidan fikr almashildi. Buning uchun mavjud imkoniyatlar, zarur infratuzilma va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Loyihani amaliy bosqichga olib chiqish uchun tegishli tashkilotlar va mutaxassislarni jalb etish, ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Kam Air bilan avval ham muzokaralar o‘tkazilgandi

Farg‘ona viloyati hokimi 15-avgust kuni ham Kam Air aviakompaniyasi raisi Zamaray Kamgar va Afg‘onistonning Spinzar Kunduz davlat korporatsiyasi rahbari Abdul Hafiz Faryodni qabul qilgandi.

O‘shandagi uchrashuvda hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ishga tushirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

By admin