Urganch Aerovokzal—Xiva—Urganch Aerovokzal yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J rusumli tezyurar elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi.
Olti vagondan iborat poyezd 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. U 160 km/soatgacha tezlikda harakatlanadi. Vagonlarda “Econom” toifasidagi qulay o‘rindiqlar, USB quvvatlantirish qurilmalari, iqlim nazorati tizimi hamda nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar mavjud.
Poyezd qatnov vaqtlari
7055-sonli Urganch Aerovokzal—Xiva poyezdi:
- Urganch Aerovokzaldan — 08:40 da jo‘naydi;
- Urganch bekatida — 08:59–09:02 oralig‘ida to‘xtaydi;
- Xivaga — 09:22 da yetib boradi.
7058-sonli Xiva—Urganch Aerovokzal poyezdi:
- Xivadan — 21:00 da jo‘naydi;
- Urganch bekatida — 21:20–21:23 oralig‘ida to‘xtaydi;
- Urganch Aerovokzaliga — 21:42 da yetib keladi.
Chipta narxi kattalar uchun 25 ming so‘m, bolalar uchun 14 ming so‘m etib belgilangan. Chiptalarni elektron platforma orqali xarid qilish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun 1005 qisqa raqamiga murojaat qilinadi.
Aeroport va Xivani bog‘lovchi yangi liniya
Yangi qatnov Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temiryo‘l bekatini bog‘lovchi yangi liniya orqali amalga oshirilmoqda.
17-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur liniya bilan tanishib, yangi elektropoyezdda Xivaga borgandi.
Qiymati 225 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrli yangi temiryo‘l liniyasi qurilgan. Unda bitta bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.
