Mk

Vashington shtati gubernatori Bob Fergyuson O‘zbekistonning Sietl shahridagi bosh konsulxonasi rasman ochilgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. U Vashington shtati aholisi nomidan yangi diplomatik vakolatxona ochilishini olqishlagan.

Gubernatorning qayd etishicha, Sietldagi bosh konsulxona O‘zbekistonning nafaqat Vashington shtatidagi, balki AQSHning butun G‘arbiy sohilidagi birinchi konsullik muassasasidir.

Fergyuson Vashington shtatidagi ilk bosh konsul Ahror Burhonovni ham tabriklab, unga va konsulxona jamoasiga “Doimo yashil shtat”ga xush kelibsiz, deya murojaat qilgan.

Uning ta’kidlashicha, yangi diplomatik vakolatxonaning ochilishi savdo va investitsiyalar, texnologiyalar va innovatsiyalar, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, madaniyat hamda turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

“Gubernator sifatida kelgusidagi hamkorlikdagi ishlarimizni katta umid bilan kutaman. Mamlakatlarimiz, shuningdek, Vashington shtati va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik uzoq vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. Ushbu sheriklikning yanada rivojlanishini intiqlik bilan kutaman. Yana bir bor sizlarni ushbu nihoyatda muhim voqea bilan tabriklayman va Vashington shtatiga xush kelibsiz, deyman”, — deyiladi tabrikda.

Sietldagi bosh konsulxona 4-sentyabr kuni ochildi

4-sentyabr kuni AQSHning Sietl shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasi rasman ochilgan edi.

Prezident administratsiyasi rahbarining shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchisi, Prezident administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov konsulxona Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi O‘zbekistonning birinchi konsullik muassasasi ekanini ta’kidlagan.

Uning qayd etishicha, vakolatxonaning ochilishi O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

By admin