Mn

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi va unga yondosh atomchilar shaharchasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Atom elektr stansiyasi qurilishi 2026-yil 4-iyundan faol bosqichga o‘tgan. Hozirgacha reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq chiqarilgan. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyilgan.

Shuningdek, qurilish-montaj bazasining 100 gektar maydonida yer ishlari bajarilgan. Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis hamda 100 dan ortiq maxsus texnika faoliyat yuritmoqda.

Loyihada qariyb 3 ming turdagi mahsulot va uskunadan foydalanish ko‘zda tutilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi.

Prezident bu ko‘rsatkichni yetarli emas deb baholab, mahalliylashtirish darajasini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar bajarishi va 7 ming nafar mahalliy ishchi hamda mutaxassisni jalb etish vazifasini qo‘ydi.

Forishda sanoat zonasi tashkil etiladi

Shu maqsadda Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.

Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

Sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlari berish bo‘yicha qaror loyihasini yil yakunigacha kiritish topshirildi.

388 kilometr elektr tarmog‘i quriladi

Stansiyaning tashqi muhandislik infratuzilmasi doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil hamda 11 kilometr temiryo‘l quriladi.

Ushbu obyektlarda mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foizga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

By admin