Haftalik

Haftalik yangiliklar

Ko‘p kvartirali uylarda podyezdga konditsioner o‘rnatish taqiqlanadi

Nk

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi qoidalar 2026-yil 16-noyabrdan kuchga kiradi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarda mulkdorlarning huquq va majburiyatlariga oid normalardan “ijarachilar” va “xonadonni ijaraga oluvchilar” haqidagi qoidalar chiqarib tashlandi. Endilikda mulkdorlar o‘zlari ijaraga bergan xonadonlardan foydalanayotgan ijarachilarning belgilangan talablarga rioya etishini ta’minlashi kerak.

Bu talablar umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash, uyga tutash hududni obodonlashtirish xarajatlarini to‘lash, elektr, issiqlik, suv va gazdan tejamkor foydalanish hamda tegishli ruxsatsiz imorat va inshootlar qurmaslikni o‘z ichiga oladi.

Fasad nuqsonlarini bir oyda bartaraf etish kerak

Ko‘p kvartirali uy fasadlarida foydalanish jarayonida yuzaga keladigan va bartaraf etilishi zarur bo‘lgan nuqsonlar boshqarish organi tomonidan bir oy ichida ta’mirlash yoki almashtirish orqali bartaraf etilishi kerak.

Bunday nuqsonlarga qoplama, suvoq, fakturali va bo‘yoq qatlamlarining ajralishi, shikastlanishi va yemirilishi, suvoq qatlamidagi yoriqlar, shuningdek, tarnovlarning buzilishi oqibatida yuzaga keladigan nam dog‘lar, tuz ajralishi va fasadning umumiy ifloslanishi kiradi.

Avvalgi tartibda bunday nuqsonlarni boshqarish organi zudlik bilan bartaraf etishi belgilangan edi.

Ayrim majburiyatlar bekor qilindi

Yangi qoidalarga ko‘ra, boshqaruv organlarining podyezd devorlarini oyiga kamida bir marta yuvish majburiyati chiqarib tashlandi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uy atrofi, kirish yo‘laklari, uyga tutash yer uchastkasi va umumiy foydalanishdagi joylar bilan bir qatorda infratuzilma obyektlarini chiroqlar bilan yoritish hamda ularni soz holatda saqlash talabi ham bekor qilindi.

Boshqarish organi issiqlik o‘tkazuvchi quvurlarning issiqlik izolyatsiyasini but holatda saqlashi kerak. Yerto‘la orqali tranzit tarzda o‘tadigan magistral issiqlik tarmoqlarida nosozlik aniqlansa, bu haqda issiqlik ta’minoti tashkilotini xabardor qilish va uning xodimlariga kirish imkoniyatini ta’minlash lozim.

Podyezdlarga konditsioner o‘rnatish mumkin emas

Yangilangan qoidalarga ko‘ra, sovutish va isitish qurilmalarining (split tizimlar) jihozlarini kirish yo‘laklari — podyezdlarga o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Balkon yoki lodjiya ichki qismiga konditsioner qurilmalarini binoning tashqi ko‘rinishini buzmaydigan tarzda o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi norma esa saqlab qolindi.

Liftlar uchun yangi talablar belgilandi

Ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi organlar liftlarning butun ekspluatatsiya muddati davomida, texnik xizmat ko‘rsatish yoki ta’mirlash uchun to‘xtatilgan vaqtni hisobga olmaganda, avariyasiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashi kerak.

Liftlar ishi ustidan dispetcherlik nazorati o‘rnatiladi. Kabinalarda operatorni chaqirish va ikki tomonlama ovozli aloqa uchun yorug‘lik hamda ovozli signalizatsiya bo‘lishi shart.

Boshqaruv organlari lift jurnalini uning butun ekspluatatsiya muddati davomida saqlashi, liftlarga har oy texnik xizmat ko‘rsatishi va yiliga bir marta davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning liftlardan xavfsiz foydalanishi ta’minlanishi va taqiqlangan yuklarni tashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Lift kabinasida uning nomi, yuk ko‘tarish qobiliyati, ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni, “Xavfsiz lift” elektron platformasidagi qayd raqami, texnik ko‘rikdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar hamda texnik xizmat ko‘rsatuvchi yoki avariya xizmati bilan bog‘lanish uchun telefon raqami ko‘rsatilgan lavha bo‘lishi kerak.

Qoidalar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan bo‘lib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan kelishilgan.

Yangi tartiblar 2026-yil 16-noyabrdan kuchga kiradi.

2 thoughts on “Ko‘p kvartirali uylarda podyezdga konditsioner o‘rnatish taqiqlanadi

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *