O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha boshpana va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlashning yagona tartibi belgilandi. Bu hukumatning 18-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentda nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, bunday shaxslar Vaqtincha boshpana va ijtimoiy moslashuv markazlariga joylashtiriladi. Markazlarga fuqarolarning o‘zi murojaat qilishi yoki mahalla, ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli tashkilotlar aniqlagan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etishi mumkin.
Markazlarda shaxslarga vaqtincha boshpana va zarur maishiy sharoit yaratiladi. Shuningdek, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va zarur hollarda davolanishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni rasmiylashtirish, pasport yoki ID-kartani tiklash, qarindoshlarni aniqlash hamda ishga joylashishda ko‘mak ko‘rsatiladi. Ayrim hollarda uy-joy masalasini hal etishga ham yordam berish nazarda tutilgan.
Markazda qolish muddati 20 kungacha
Shaxs markazga joylashtirilgach, uning ma’lumotlari tegishli axborot tizimlariga kiritiladi. Ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari uning holatini o‘rganib, zarur yordam choralarini o‘z ichiga olgan individual ijtimoiy moslashuv rejasini ishlab chiqadi.
Dastlab shaxs markazga 20 kungacha muddatga joylashtirilishi mumkin. Zarurat bo‘lganda, uning markazda qolish muddati qonunchilikda belgilangan tartibda uzaytiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy moslashuv jarayonini monitoring qilish, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish va mas’ul xodimlarning javobgarligini belgilash mexanizmlari joriy etiladi.
Yangi tartib muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni aniqlash, vaqtincha joylashtirish, ularga ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatish hamda mustaqil hayotga qaytishiga ko‘maklashish jarayonlarini yagona tizim asosida tashkil etishga qaratilgan.