Qonunchilik palatasida intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasini oshirish va patent vakillarining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 7 ta qonun va 4 ta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Jumladan, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni garovga qo‘yish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinadi. Shuningdek, bunday huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi.
Qonun loyihasi patent vakillarining vakolatlarini ham kengaytirishni nazarda tutadi. Ular intellektual mulk obyektlariga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va vakillik qilish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi.
Bu ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish va ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi tartiblar orqali ixtiro, tovar belgisi va boshqa intellektual aktivlarga bo‘lgan mulkiy huquqlardan garov sifatida foydalanish imkoniyati kengayadi. Bu esa intellektual mulk egalari o‘z aktivlarining iqtisodiy qiymatidan foydalanib, moliyaviy resurs jalb qilishi va biznesini rivojlantirishiga imkon beradi.
Deputatlar fikricha, qonun loyihasi intellektual mulkni iqtisodiy aktiv sifatida fuqarolik muomalasiga kengroq jalb qilish va uni tijoratlashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.