Xiva shahrida 12,3 gektar maydonda xalqaro turistik shaharcha barpo etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihaning taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda quriladi.
Majmua me’moriy konsepsiyasida Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analaridan foydalaniladi. Xususan, 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘i loyiha uchun asos qilib olinadi.
Turistik shaharcha hududida mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi.
Hududning katta qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Shuningdek, sharsharali favvoralar va ichki ariqlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Avtoturargohlarda esa quyosh panellari o‘rnatilgan soyabonlar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Yangi turistik shaharcha Xivaning asosiy tarixiy maskani — Ichan-qal’aga tushayotgan sayyohlik yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha turizm xizmatlari turini kengaytirish va sayyohlarning shaharda qolish muddatini uzaytirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratish ham rejalashtirilgan.