Haftalik

Haftalik yangiliklar

Qashqadaryoda talabadan 500 dollar so‘ragan maktab direktori qochishga urindi, ammo ushlandi

Pora

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida ishga joylashtirish evaziga pora talab qilgan maktab direktori 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda sud hujjatlarida ma’lum qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 62 yoshli F.G. 2026-yil 26-fevral kuni tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Unga maktab xodimlarini ishga qabul qilish va mehnat shartnomalarini bekor qilish vakolatlari berilgan.

Sudda aniqlanishicha, Qarshi davlat universitetining fizika yo‘nalishida tahsil olayotgan 4-bosqich talabasi A.X. o‘qishni tamomlash arafasida ish izlab bir necha maktabga murojaat qilgan. Bo‘sh ish o‘rni topa olmagan talaba F.G. rahbarlik qilayotgan maktabga ham borgan.

Talabaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, direktor uni fizika fani o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilish mumkinligini aytib, buning evaziga 500 dollar talab qilgan.

“Qizim, ko‘ngildan chiqarib beraver, men ishingni aniq hal qilib beraman”, degan direktor, jabrlanuvchining aytishicha.

Shundan so‘ng talaba direktor bilan bo‘lgan suhbatni telefoniga yozib olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Oradan bir kun o‘tib, A.X. direktorning talabiga rozi bo‘lgandek ko‘rinib, ishga qabul qilish uchun ariza yozgan. Biroq u kerakli 500 dollarni topa olmaganini, uning o‘rniga 6 million so‘m olib kelganini bildirgan.

Tezkor tadbir davomida direktor pulni olgan vaqtida qo‘lga olinishi kerak bo‘lgan. Ammo u vaziyatni anglagach, xizmat xonasidan chiqib ketishga uringan. Sud materiallariga ko‘ra, F.G. pullarni maktab hududidagi bedazor orasiga tashlab yuborgan, so‘ng devordan oshib qochishga harakat qilgan.

Biroq u taxminan 200 metr yugurgach yiqilib tushgan va tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tumani sudi F.G.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *