Haftalik

Haftalik yangiliklar

Jaziramaga qarshi yangi tartib: Samarqand, Buxoro va Xivada kunduzgi tanaffus joriy etilishi mumkin

Xv

O‘zbekistonda yozgi jazirama sharoitida turizm sohasini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish maqsadida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida “siyesta” tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu nazarda tutilgan qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, tajriba-sinov tariqasida har yili 1-iyundan 31-avgustgacha turizm sohasi korxona va tashkilotlari faoliyati kunduzgi tanaffus bilan tashkil etilishi mumkin. Tashabbusning asosiy maqsadi sayyohlar va xodimlarni o‘ta yuqori haroratning salbiy ta’siridan himoya qilish, turistlar uchun qulay sharoit yaratish hamda yozgi turizm salohiyatini oshirishdan iborat.

Taklif etilayotgan tizim mehmonxonalar, xostellar, mehmon uylari, muzeylar, tarixiy-me’moriy yodgorliklar, qo‘riqxonalar, restoran va kafelar, turoperator hamda turagentlar, shuningdek, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘ngilochar maskanlarga tatbiq etiladi.

Qaror loyihasida korxona va tashkilotlar ishini quyidagi tavsiyaviy jadval asosida tashkil etish nazarda tutilgan:

  • ertalabki seans — 07:00 dan 13:00 gacha;
  • siyesta (tanaffus) — 13:00 dan 17:00 gacha;
  • kechki-tungi seans — 17:00 dan 23:00 gacha.

Hujjatda qayd etilishicha, tanaffus vaqtida obyektlar to‘liq yopilmaydi. Korxonalar konditsioner tizimlari, qabul xizmatlari va zarur navbatchi xodimlar faoliyatini saqlab qolishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, yangi tartib joriy etilishi xodimlarning ish haqi kamayishiga yoki mehnat sharoitlarining yomonlashishiga sabab bo‘lmasligi lozim.

Loyiha doirasida umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlarga kechki va tungi vaqtlarga moslashtirilgan maxsus yozgi dasturlar hamda taomnomalarni ishlab chiqish tavsiya etilgan. Shuningdek, Madaniy meros agentligi tarixiy obidalar va muzeylarda yoritish tizimlarini yo‘lga qo‘yib, “Tungi muzey” va “Kechki ekskursiya” kabi yangi turistik mahsulotlarni joriy etishi rejalashtirilmoqda.

Agar loyiha tasdiqlansa, O‘zbekistonda ilk bor turizm sohasida Ispaniya va boshqa issiq iqlimli davlatlarda qo‘llanadigan “siyesta” amaliyotiga o‘xshash tizim sinov tariqasida joriy etiladi. Turizm qo‘mitasi 2026-yil 1-noyabrga qadar tajriba natijalarini tahlil qilib, tizimni davom ettirish yoki boshqa hududlarga kengaytirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *