Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sanoat va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha qoniqarsiz natija qayd etgan 17 nafar tuman va shahar hokimining faoliyatini tanqid qildi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida sanoat prognozini bajarmagan 13 ta tuman hokimi hamda eksport hajmini kamaytirgan 15 ta tuman hokimi intizomiy jazoga tortilgan edi. Shundan so‘ng ko‘plab hududlarda vaziyat yaxshilangan bo‘lsa-da, ayrim tuman va shaharlarda o‘sish sur’atlari hanuz pastligicha qolmoqda.
Sanoat o‘sishi pasaygan hududlar sanab o‘tildi
Yig‘ilishda Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi vaziyat alohida tanqid qilindi. Tumanda sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7 foiz o‘rniga atigi 1,8 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, quyidagi hududlarda ham sanoat o‘sish sur’atlari pasaygani qayd etildi:
- G‘ozg‘on shahri;
- Muzrabot tumani;
- Qiziriq tumani;
- Oltiariq tumani.
Eksport bo‘yicha ham kamchiliklar aniqlandi
Prezident eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham qator hududlarda ishlar sust ketayotganini ta’kidladi.
Tanqid qilingan hududlar:
- Kasbi tumani;
- Denov tumani;
- Toshkent tumani;
- Jizzax shahri;
- Paxtaobod tumani;
- Navoiy shahri;
- Jomboy tumani;
- Toyloq tumani;
- Bandixon tumani;
- Mirzacho‘l tumani;
- Yozyovon tumani;
- Bektemir tumani.
Hokimlar faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi
Yig‘ilish yakunida prezident bosh vazirga sanoat va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘ygan jami 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini zudlik bilan ko‘rib chiqish vazifasini yukladi.
Shuningdek, to‘qqiz oy yakunlariga qadar mazkur hududlarda ijobiy o‘zgarish kuzatilmasa, viloyat hokimlarining iqtisodiyot va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.
Prezident yig‘ilishda hududlar rahbarlari sanoat va eksportni oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirishi lozimligini ta’kidladi.