Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda ayrim yovvoyi hayvonlarni ovlashga vaqtinchalik taqiq joriy etiladi

Jk

O‘zbekistonda 2026-yil 1-avgustdan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan ayrim yovvoyi hayvonlarni ovlashga vaqtinchalik taqiq joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 30-iyundagi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, taqiq 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi hamda hukumat qarori ilovasida keltirilgan yovvoyi hayvonlar turlariga tatbiq etiladi.

Bunda cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan yoki yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarga, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda amalga oshiriladigan ovlash holatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, qaror bilan ov qilish taqiqlangan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar uchun ov kvotalarini ajratish ham taqiqlanadi.

Hujjatda suv bioresurslarini tiklash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan 2030-yil 1-yanvarga qadar respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarga har yili kamida 15 tonna baliq chavog‘i qo‘yib yuboriladi.

Chavoqlantirish ishlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga noqonuniy ov va brakonerlikka qarshi nazoratni kuchaytirish, manfaatdor vazirlik va idoralarga esa qaror talablarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *