Prezident Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2–3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tbilisi shahrida Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili hamda bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar kun tartibidan O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalarini muhokama qiladi.
Shuningdek, sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda eksport geografiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.