Qirg‘izistonning Toqtogul tumanida avtomobilning Chichqon daryosiga tushib ketishi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 22-iyun kuni sodir bo‘lgan. Avtomobil ichida to‘rt kishi — uch nafar erkak va bir nafar ayol bo‘lgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar suvdan mustaqil ravishda chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq 45 yoshli ayolni kuchli suv oqimi oqizib ketgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari to‘rt kun davom etgan. Natijada qutqaruvchilar ayolning jasadini topib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga topshirgan.
Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar keltirilmagan.