Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida piyodalar xavfsizligini oshirishga qaratilgan RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) tizimi sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar tizimi haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini uzoq masofadan, harakat yo‘nalishi yoki qaysi qatorda harakatlanayotganidan qat’i nazar, aniq ko‘rish imkonini beradi. Mazkur yechim asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida ogohlantiruvchi signal chiroqlari yo‘l chetlariga, ko‘chaning markaziy qismiga hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyaga o‘rnatilgan. Shuningdek, yo‘lning ikki tomoniga chaqiruv tugmasi o‘rnatilgan ustunlar joylashtirilgan. Piyoda tugmani bosganidan so‘ng ustunlarning yuqori qismidagi yorqin sariq signal chiroqlari ishga tushadi.
Bundan tashqari, “Piyodalar o‘tish joyi” yo‘l belgisi ham yorug‘lik beruvchi maxsus konstruksiya ko‘rinishida tayyorlangan. Bu, ayniqsa, tungi vaqtda o‘tish joyining uzoq masofadan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlari RRFB tizimi haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish ko‘rsatkichini sezilarli darajada oshirishini ko‘rsatgan. Oddiy tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 18–30 foizni tashkil etsa, RRFB tizimi joriy etilgach, u 98 foizgacha yetishi mumkin.
Shuningdek, yorqin signal chiroqlari haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini oldindan payqash imkonini berib, tezlikni bosqichma-bosqich pasaytirishga yordam beradi. Bu esa keskin tormozlanish holatlari kamayishiga xizmat qilishi qayd etilgan.
Markazga ko‘ra, mazkur loyiha O‘zbekistonda RRFB texnologiyasini yo‘l infratuzilmasiga pilot tartibda joriy etish bo‘yicha ilk loyihalardan biri hisoblanadi. Sinov natijalari ushbu texnologiyaning piyodalar xavfsizligini oshirishdagi amaliy samaradorligini baholash imkonini beradi.