Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi

Lpo

Adliya vazirligi 25-iyun kuni Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi. Unga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar obyektlar guruhlariga ajratiladi.

Baholash jarayonida ko‘chmas mulk bozori ma’lumotlari, oldi-sotdi bitimlari, e’lonlar va narxga ta’sir qiluvchi boshqa omillar inobatga olinadi. Hududlar bozor narxlaridan kelib chiqib narx zonalariga ajratiladi va namunaviy obyektlar (etalonlar) asosida qiymat belgilanadi.

Shuningdek, obyektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvlari asosida hisoblab chiqiladi. Bunda bino qurilgan yili, qurilish materiali, maydoni, qavati, joylashuvi hamda ta’mirlanganlik holati kabi mezonlar hisobga olinadi.

Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida e’lon qilinadi. Mulkdorlar kadastr raqami orqali o‘z ko‘chmas mulkining baholangan qiymati bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.

Baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Shu muddat ichida mulkdorlar taklif va e’tirozlarini bildirishi mumkin. Baholash natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar esa vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Adliya vazirligiga ko‘ra, yangi uslubiyot ko‘chmas mulk obyektlarining qiymatini bozor tamoyillari asosida adolatli va shaffof aniqlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2025-yil 5-martdagi farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, 2025–2026-yillarda tajriba tariqasida Toshkent shahrida, 2026–2027-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2027-yildan boshlab esa mamlakatning qolgan hududlarida ushbu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *