2026 yil may oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 5,5 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa-da, aholi his qilayotgan narxlar o‘sishi bundan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, may oyida aholiga sezilgan inflyatsiya darajasi yillik hisobda 10,3 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga past bo‘lgan.
Pensionerlar narxlar o‘sishini eng yuqori baholagan
Soha va kasblar kesimida narxlar o‘sishi turlicha sezilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich pensionerlar orasida qayd etilib, ular tovar va xizmatlar narxi bir yil davomida 13 foizga oshganini bildirgan.
Shuningdek, IT va ommaviy axborot vositalari sohasi vakillari 12,1 foizlik, bank va moliya xodimlari 11,3 foizlik, transport sohasi vakillari esa 11,2 foizlik narxlar o‘sishini sezgan.
Davlat xizmatida ishlovchilar uchun bu ko‘rsatkich 10,9 foizni, qurilish sohasida 10,6 foizni, umumiy ovqatlanishda 10,5 foizni, savdo sohasida esa 10,4 foizni tashkil etgan.
Eng past sezilgan inflyatsiya darajasi talabalarda qayd etilgan bo‘lib, ular narxlar o‘sishini 8,9 foiz deb baholagan.
Farg‘onada narxlar o‘sishi eng yuqori bo‘lgan
Hududlar kesimida aholi tomonidan eng yuqori narxlar o‘sishi Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Bu yerda sezilgan inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil qilgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (12,1 foiz) va Toshkent shahri (12 foiz) joylashgan. Sirdaryo viloyatida 11 foiz, Jizzaxda 10,9 foiz, Buxoroda esa 10,8 foizlik ko‘rsatkich qayd etilgan.
Eng past sezilgan inflyatsiya darajasi Navoiy viloyatida kuzatilib, u 7,9 foizni tashkil etgan.
Go‘sht, sut va yoqilg‘i mahsulotlari ko‘proq qimmatlashgan
So‘rov natijalariga ko‘ra, aholi may oyida eng avvalo go‘sht va sut mahsulotlari hamda yoqilg‘i narxlari sezilarli oshganini qayd etgan.
Bundan tashqari, meva-sabzavotlar, elektr energiyasi va tabiiy gaz, dori vositalari, qurilish materiallari, yo‘lkira va transport xizmatlari narxlari ham yuqorilagani bildirilgan.
Yuqori daromadlilar inflyatsiyani kuchliroq his qilgan
Tahlilga ko‘ra, oylik daromadi 4 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi qatlamlari narxlar o‘sishini nisbatan kuchliroq sezgan.
Eng yuqori ko‘rsatkich oyiga 30 million so‘mdan ortiq daromad topuvchilar orasida qayd etilib, ular inflyatsiyani 13,5 foiz deb baholagan. Oyiga 20–30 million so‘m daromad oluvchilar esa narxlar o‘sishini 12,4 foiz darajasida sezgan.