Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozori bo‘yicha 2026-yil may oyi tahlilini e’lon qildi.
Tahlilga ko‘ra, poytaxtda kichik va o‘rta xonali xonadonlar narxi nisbatan barqaror saqlanib qolgan bo‘lsa, 4 va undan ortiq xonali uylar segmentida narxlarning pasayishi kuzatilgan.
Birlamchi bozorda ayrim uylar arzonlashgan
May oyida birlamchi bozorda 1 kvadrat metr narxining oylik o‘zgarishi quyidagicha bo‘lgan:
- 3 xonali uylar — 2,7 foizga qimmatlashgan;
- 1 xonali uylar — 1,1 foizga oshgan;
- 2 xonali uylar — 1,1 foizga arzonlashgan;
- 4 va undan ortiq xonali uylar — 1,5 foizga pasaygan.
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 1 va 3 xonali xonadonlar segmentida o‘sish qayd etilgan bo‘lsa, 2 hamda 4 va undan ortiq xonali uylar narxida pasayish kuzatilgan.
Ikkilamchi bozorda 1 xonali uylar eng ko‘p qimmatlashdi
May oyida ikkilamchi bozorda eng katta oylik o‘sish 1 xonali xonadonlarda qayd etilgan.
- 1 xonali uylar — 5,8 foizga oshgan;
- 2 xonali uylar — 0,6 foizga qimmatlashgan;
- 3 xonali uylar — 0,5 foizga oshgan;
- 4 va undan ortiq xonali uylar — 1,5 foizga arzonlashgan.
Mutaxassislar ikkilamchi bozorda deyarli barcha segmentlarda yillik narxlar o‘sishi saqlanib qolayotganini ta’kidlagan.
Eng qimmat va eng arzon hududlar
To‘liq ta’mirlangan xonadonlar bo‘yicha birlamchi bozorda eng yuqori narxlar Mirobod tumani, Yakkasaroy tumani va Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilgan.
Mirobod tumanida bunday uylarning median narxi 1 kvadrat metr uchun 2 137 dollarni tashkil etgan. Sirg‘ali tumanida esa bu ko‘rsatkich 1 070 dollar bo‘lgan. Shunday qilib, ikki hudud o‘rtasidagi narx tafovuti qariyb ikki baravarga yetgan.
Ikkilamchi bozorda ham Mirobod tumani eng qimmat hudud bo‘lib qolmoqda. Bu yerda to‘liq ta’mirlangan uylarning median narxi 1 kvadrat metr uchun 1 853 dollarni tashkil etgan. Eng arzon takliflar esa Sirg‘ali tumanida kuzatilgan — 984 dollar.
O‘rta ta’mirlangan uylar segmentida ham Mirobod yetakchilik qilmoqda. Birlamchi bozorda 1 kvadrat metrning median narxi 2 122 dollar, ikkilamchi bozorda esa 1 531 dollarni tashkil etgan.
Naqdsiz hisob-kitoblarning ta’siri hali baholanmagan
MHTI mutaxassislariga ko‘ra, uy-joy oldi-sotdisida naqdsiz hisob-kitob tartibining joriy etilishi aprel–may oylarida bozorda keskin narx o‘zgarishlariga sabab bo‘lmagan.
Ularning ta’kidlashicha, mazkur qarorning bozorga yakuniy ta’sirini baholash uchun 2026-yilning ikkinchi va uchinchi choraklari natijalarini kuzatish zarur.
Qayd etilishicha, tahlil OLX platformasidagi ochiq e’lonlar asosida tayyorlangan. Unda keltirilgan narxlar taklif qiymatini aks ettiradi va yakuniy oldi-sotdi summalaridan farq qilishi mumkin.