Bv

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan yettita obyektni ishga tushirish marosimida qatnashdi. Shuningdek, qiymati 2,5 mlrd dollarlik yana o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi Toshkentning birinchi bosqichida jami 50 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘i tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 mln kvadrat metr turar va noturar joy qurilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgacha Yangi Toshkentda 2 mlrd dollarlik qurilish ishlari bajarilgan. Bu davrda turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr barpo etildi.

Qaysi obyektlar ishga tushirildi?

Marosimda quyidagi yettita obyekt foydalanishga topshirildi:

  • “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi;
  • avtomobil yo‘llari va infratuzilma obyektlari;
  • “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi;
  • trigeneratsiya stansiyasi;
  • Savdo-sanoat palatasi binosi;
  • “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i;
  • 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabi.

Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida 73 mln dollar investitsiya hisobiga qurilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasi qiymati 95 mln dollarga teng.

Yangi Toshkentda 18 kilometr avtomobil yo‘li qurildi, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrga cho‘zilgan “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etildi. “Sharq bahori” majmuasining birinchi bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.

Yana 2,5 mlrd dollarlik loyihalar boshlanadi

Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan o‘nta loyiha qurilishiga start berildi.

Ular orasida yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Deep Tech park sanoat hududi ham bor. Uni qurish uchun 320 mln dollar yo‘naltiriladi. Kelgusida hududda umumiy qiymati 1,7 mlrd dollarlik loyihalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Finlyandiyaning MariMatic kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Ko‘p kvartirali uylar tomiga esa umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektr tizimlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

By admin