Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda shaharsozlik qoidalarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Kiuu

O‘zbekistonda shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda qurilish obyektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari tomonidan 42 mingta kamchilik aniqlangan. Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ortiq qoidabuzarlikni qayd etgan.

Mutasaddilar bunga asosiy sabab sifatida loyihachi va buyurtmachilarda mualliflik hamda texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yetarli emasligini ko‘rsatgan.

Shu munosabat bilan 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyatini to‘liq KPI tizimiga bog‘lash, ularning xodimlari oyligini 3 baravar oshirish belgilandi. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ ajratilishi, mualliflik nazorati esa alohida shartnoma asosida moliyalashtirilishi qayd etildi.

Endilikda texnik yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan obyektlarda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudratchilar bilan bir qatorda nazoratchilarga ham qat’iy choralar ko‘riladi. Shuningdek, loyihachilarning “Shaffof qurilish” tizimidagi reytingi pasaytiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi bodikameralar bilan ta’minlangan, 1 221 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan.

Yangi tartibga muvofiq, byudjet mablag‘lari hisobidan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat korxonalari, mehmonxona hamda turizm obyektlari qurilishi onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi.

Yig‘ilishda Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, davlat rahbari viloyat hokimlariga ikki oy muddatda bosh rejalarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks dasturlar ishlab chiqish, tadbirkorlar bilan hamkorlikda yana 50 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *