Senat tomonidan tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning moddiy va huquqiy kafolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
18-may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Hujjat inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyat-ijroiya tizimini takomillashtirish hamda probatsiya institutining samaradorligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.
Qonunga ko‘ra, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Endilikda ular vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun advokat yoki shaxsning o‘zi iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, shartli ozod qilishni bekor qilish bilan bog‘liq masalalarni endilikda mahkum yashayotgan hududdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudi ko‘rib chiqadi.
Bundan tashqari, Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi bob bilan to‘ldirilmoqda. Unda shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilishning huquqiy mexanizmlari, ularning majburiyatlari hamda nazoratni tugatish tartibi aniq belgilab qo‘yiladi.
Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi hujjatga ham qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar dam olish va bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilish ҳуқуқига ega bo‘ladi. Ularga qo‘shimcha kiyim-bosh va poyabzal olish imkoniyati ham yaratiladi.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur buyumlarni xarid qilish uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha oshirilishi nazarda tutilgan.
Senatorlarga ko‘ra, mazkur qonun huquqbuzarliklarning oldini olish, shaxslarni ijtimoiy moslashtirish hamda inson huquqlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.