O‘zbekistonda yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda hukumatning 18-maydagi qarorida so‘z boradi.
Hujjat bilan “Yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Qaror yer ijara shartnomasini uzaytirish jarayonini tartibga soladi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar yer ijara muddatini uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Arizaga avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi ilova qilinadi. Agar murojaat boshqa shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ijara oluvchi nomidan berilgan ishonchnoma ham taqdim etilishi kerak.
Reglamentga muvofiq, ijara beruvchi tegishli vakolatli organlardan ma’lumotlarni olgach, 10 ish kuni ichida yer uchastkasidan muntazam foydalanilayotgani yoki foydalanilmayotganini tekshiradi. Shundan so‘ng ariza ma’qullangani yoki rad etilgani haqida xabarnoma shakllantirilib, murojaatchiga yuboriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Shuningdek, yer uchastkasining ijara shartnomasi tuman yoki shahar hokimligi tomonidan imzolangach, hujjat avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuborilishi belgilandi.
