O‘zbekistonda 2026-yil mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar yakunida 20 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llandi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bank nazorati qo‘mitasining mart oyida o‘tkazilgan 7 ta yig‘ilishida jami 29 ta masala ko‘rib chiqilgan. Ularning 17 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga oid bo‘lib, kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilishga ruxsat berish, auditorlarga malaka sertifikatlari taqdim etish hamda banklardagi muhim lavozimlarga nomzodlarni ko‘rib chiqish masalalarini qamrab olgan.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala muhokama qilingan. Xususan, prudensial me’yorlarga rioya etilishi, Markaziy bank ko‘rsatmalarining bajarilishi, tijorat banklari va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani sabab 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti hamda 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llangan. Bundan tashqari, prudensial normativlarga amal qilmagan va faoliyatini belgilangan tartibga moslashtirmagan 17 ta bank sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirilgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil fevral oyida ham kamchiliklar aniqlangan 11 ta bankka nisbatan jarima qo‘llangandi. Shuningdek, prudensial talablarni buzgan 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.