Haftalik

Haftalik yangiliklar

    Toshkent viloyatidagi tog‘da yo‘qolgan 4 yoshli bola 6,5 soatdan so‘ng topildi

    Fs

    Toshkent viloyatining tog‘li hududida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola bir necha soatlik qidiruvlardan so‘ng topildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Ma’lum qilinishicha, hodisa 13-aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda yuz bergan. Olti kishidan iborat oila dam olish uchun tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular bilan birga 4 yoshli bola ham bo‘lgan.

    Sayr vaqtida, taxminan soat 17:00 da, oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu jarayonda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Oradan qariyb 40 daqiqa o‘tgach, bolaning yo‘qligi aniqlangan.

    Shundan so‘ng yaqinlari zudlik bilan FVVga murojaat qilgan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari hamda “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.

    Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada 14-aprel kuni soat 00:20 da bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.

    Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikda, tizzasigacha qor ichida turgan holatda aniqlangan.

    Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.

    Добавить комментарий

    Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *