O‘zbekistonda “Xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etildi. Tegishli qonun 28-sentyabr kuni imzolandi.
Unga ko‘ra, faxriy unvon uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, yuksak kasbiy mahorat ko‘rsatgan va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda alohida xizmat qilgan birlashmalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlariga beriladi.
Mazkur davlat mukofotini ta’sis etish haqidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan 1-iyul kuni qabul qilingan. Senat esa hujjatni 8-avgustdagi yalpi majlisida ma’qullagan.
Qonun loyihasi muhokamasi vaqtida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva soha xodimlari dam olish va bayram kunlarida ham aholiga xizmat ko‘rsatishini, ko‘pchiligi og‘ir mehnat sharoitida ishlashini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlarida 19 ming nafar, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarida 25 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi.
Suv ta’minoti tashkilotlarida 31 million aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 11 435 ta inshoot, 1390 ta suv taqsimlash uzeli va 108 ming kilometr tarmoqlarning ishlashini ta’minlash uchun 27 ming nafar xodim faoliyat yuritadi.
Shuningdek, 761 mingdan ziyod xonadon joylashgan 16 610 ta ko‘p kvartirali uy va 2543 ta ijtimoiy soha obyektini markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi 560 ta qozonxona hamda 4000 kilometr issiqlik tarmoqlarida 7000 nafar xodim ishlaydi.
