Db

2022–2025-yillarda O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning nomusiga tegish holatlari bo‘yicha 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida deputat Gulruh Agzamova ma’lum qildi.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Eng ko‘p holat 2024-yilda qayd etilgan.

Muhokama qilingan qonun loyihasi bolalarni zo‘ravonlikning turli shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Unda 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash imkoniyatini belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, bolalarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlariga oid cheklovlarni bekor qilish, voyaga yetmagan jabrlanuvchilarni tergov va sud jarayonlarida qo‘shimcha himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilingan.

Loyihaga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuvga qayd etish, ayrim hollarda jabrlanuvchi bola bilan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini yuzlashtirishning maxsus tartibini belgilash hamda bolaga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga nisbatan ayrim zo‘ravonlik va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash, ota-onalar hamda ta’lim muassasalari xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha normalar taklif etilgan.

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid alohida qonun 2024-yil 14-noyabrda qabul qilingan. Unda jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya hamda bulling zo‘ravonlik shakllari sifatida belgilangan.

By admin