Janubiy Koreyada xorijda jinoyat sodir etgani uchun qidiruvga berilgan 110 nafar chet el fuqarosi yashirinib yurgani aniqlandi. Ularning 19 nafari O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi ma’lumotlariga tayanib The Korea Times xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 110 nafar xorijlik 12-avgust holatiga Janubiy Koreyada yashirinib yurgan. Ular orasida Xitoy fuqarolari 40 kishi bilan eng ko‘pni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston — 19, Mo‘g‘uliston — 17 va Vyetnam — 13 nafar fuqaro bilan qayd etilgan.
Shuningdek, qidiruvdagi shaxslar orasida Qozog‘istonning 8, Rossiyaning 7 va Qirg‘izistonning 2 nafar fuqarosi bor.
Eng ko‘p holat firibgarlik bilan bog‘liq
Qidiruvdagi xorijliklarning 47 nafari firibgarlikda gumon qilinmoqda. Yana 29 ta holat bolalar va o‘smirlarni himoya qilish qonunchiligini buzish, odam o‘g‘irlash, noqonuniy ushlab turish va fohishalik kabi jinoyatlarni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, 7 kishi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar, 5 nafardan shaxs esa o‘g‘rilik, yo‘l harakati qoidalarini buzish, tan jarohati yetkazish va zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha qidirilmoqda.
O‘zbekiston fuqarolarining aynan qaysi jinoyatlar bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgani haqida ma’lumot ochiqlanmagan.
Janubiy Koreya politsiyasi xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va boshqa davlatlarga qaytarish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda. Joriy yilda bu yo‘nalishdagi xodimlar soni 22 nafardan 64 nafarga oshirilgan, yanvar–avgust oylarida boshqa davlatlarga qaytarilgan qidiruvdagi xorijliklar soni esa 24 nafarga yetgan.
