Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekiston bilan mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofaga uchadigan ballistik raketalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda u 8-sentyabr kuni Belgradda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Serbiya biznes forumida ma’lum qildi.
Vuchichning aytishicha, Serbiya hozirda qisqa masofaga uchadigan raketalarni ishlab chiqarmoqda. Mamlakat uzoq masofaga uchadigan ballistik raketalarni ishlab chiqarishni esa bir yil ichida boshlashi mumkin.
“Biz mudofaa sanoatida katta natijalarga erishishimiz mumkin. Texnologiyalar transferini olmoqdamiz va ayrim davlatlarga texnologiyalar taqdim etmoqdamiz”, — dedi Serbiya prezidenti.
U Serbiyaning mudofaa sanoatidagi texnologik va ishlab chiqarish salohiyati sezilarli darajada rivojlanganini ta’kidlab, O‘zbekistonni ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan davlatlardan biri sifatida qayd etdi.
Biznes forumda 200 dan ortiq vakil qatnashdi
O‘zbekiston va Serbiya qo‘shma biznes forumida ikki mamlakatning 200 nafardan ortiq rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, shuningdek, yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Serbiyaning “Galenika”, AbelaPharm, Gosa FOM, YUMCO, Luss Textile kabi kompaniyalari vakillari ham qatnashgan.
Shavkat Mirziyoyev forumdagi nutqida oliy darajadagi samarali muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidlagan.
Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarining o‘rnatilishi bo‘lgan.
