Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida tarbiyalanuvchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda markazdagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan videolar tarqalgach, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan holat o‘rganilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, videolarda aks etgan 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingan.
Tarbiyachilar faoliyatini yetarlicha nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga ham intizomiy choralar ko‘rilgan.
Shuningdek, hududdagi tibbiyot birlashmasining mutaxassislari jalb etilib, markaz tarbiyalanuvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “G‘amxo‘rlik” markazidagi o‘yin maydonlari atrofiga qo‘shimcha kuzatuv kameralari ham o‘rnatilgan.
