O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram kunlarida mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun qo‘shimcha transport qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, aholining hududlar bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ichki turizmni rag‘batlantirish hamda turistik manzillarga borib-kelish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida temiryo‘l, avtomobil va havo transporti yo‘nalishlarida qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Temiryo‘l transportida Toshkent—Xiva—Toshkent, Toshkent—Qo‘ng‘irot—Toshkent, Toshkent—Shovot—Toshkent, Toshkent—Termiz—Toshkent va Toshkent—Sariosiyo—Toshkent yo‘nalishlaridagi poyezdlarga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.
Shuningdek, Toshkent—Samarqand—Toshkent, Toshkent—Buxoro—Toshkent va Toshkent—Urganch—Toshkent yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi.
Qo‘shimcha elektropoyezdlar bayramdan ikki kun oldin qatnay boshlaydi va bayramdan keyingi ikki kun davomida ham muntazam harakatlanadi.
Avtomobil transportida viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, Toshkentdagi Janubiy temiryo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi. Bayramdan kamida uch kun oldin Toshkent—Samarqand—Buxoro—Urganch—Nukus yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar ushbu hududga joylashtiriladi.
Havo transportida esa Toshkent—Urganch, Toshkent—Nukus, Toshkent—Buxoro va Toshkent—Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi. Ular bayramdan kamida ikki kun oldin yo‘lga qo‘yiladi.
Turizm qo‘mitasining qayd etishicha, mazkur choralar bayram kunlarida aholining mamlakat hududlari bo‘ylab sayohatlarini ko‘paytirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda tarixiy, madaniy va tabiiy turistik maskanlarga tashriflar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bu yil aholiga ketma-ket 3–4 kun dam olish imkoniyati beriladi. Haftasiga besh kun ishlaydigan xodimlar 29-avgustdan 1-sentyabrgacha ketma-ket to‘rt kun dam oladi.