Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida 264 nafar shaxsni O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.
Fuqarolikka qabul qilinganlarning 90 nafari Surxondaryo viloyatida istiqomat qiladi.
Telekanal lavhasida fuqarolik olgan ayrim fuqarolar o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashgan.
Xursanoy Jumaboyeva 2000-yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelgani va 26 yildan buyon Toshkent viloyatida yashab kelayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqaroligi bo‘lmagani sababli ko‘p yillar davomida Tojikistonga bora olmagan. Jumladan, onasi vafot etganida uni so‘nggi yo‘lga kuzata olmagan.
Robiya Qahhorova esa O‘zbekiston fuqaroligini 40 yil kutganini ma’lum qildi.
Otabek Rasulov fuqarolik olganidan xursandligini aytib, ilgari o‘n yil davomida “4-forma” bilan yurganini ta’kidladi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berilishi
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin 1991–2007-yillarda 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berilgan.
2007–2016-yillar oralig‘ida esa fuqarolikka qabul qilish holatlari qayd etilmagan.