Haftalik

Haftalik yangiliklar

Qarshidagi “Xontepa” mahallasi renovatsiya qilinadi: 107 ta ko‘p qavatli uy quriladi

Nm

Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalla fuqarolari yig‘ini hududini renovatsiya qilish bo‘yicha master reja tasdiqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati kengashi qarorida ma’lum qilingan.

Loyihaga 219,1 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi va davlat budjetiga yiliga 100 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda.

26,8 gektar hududda 107 ta uy quriladi

Renovatsiya loyihasi 26,8 gektar maydonni qamrab oladi.

Master rejaga ko‘ra, hududda 7–9 qavatli 107 ta turar joy binosi quriladi. Ularda jami 3 050 ta xonadon tashkil etilib, 10 620 nafar aholi yashashi uchun sharoit yaratiladi.

Hududning 8,3 gektari yashil maydon sifatida ajratiladi. Shuningdek, 4,8 gektar maydonda markaziy sayilgoh — bulvar barpo etiladi.

Piyodalar uchun 9,6 kilometr, velosipedchilar uchun esa 9,4 kilometr uzunlikdagi yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

3 200 ta avtoturargoh quriladi

Loyiha doirasida jami 3 200 ta avtoturargoh tashkil etiladi. Shundan 1 500 tasi yerosti avtoturargohlaridan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, 210 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 400 o‘rinli xususiy maktab quriladi.

Turar joy binolarining birinchi qavatlarida umumiy maydoni 47 800 kvadrat metr bo‘lgan savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va biznes maydonlari joylashtiriladi.

Loyiha 2032-yilgacha amalga oshiriladi

“Xontepa” hududini renovatsiya qilish loyihasi 2026–2032-yillarda uch bosqichda amalga oshiriladi.

Buning uchun hudud 8 ta investitsion uchastka va 32 ta lotga bo‘linadi.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Qarshi shahrida zamonaviy arxitekturaviy muhit yaratish, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini yaxshilash hamda hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *