Haftalik

Haftalik yangiliklar

Mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etgan trenerlarga har oy rag‘bat puli to‘lanadi

Mnm

O‘zbekistonda mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi. Bu Hukumatning tegishli qarorida belgilandi.

Qaror bilan “Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan holda o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ularni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan o‘zini o‘zi band qilgan trenerlar har yili 20-avgustga qadar ixtiyoriy ravishda sport maktablariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:

  • sport to‘garagi joylashgan manzil, sport inshootining maydoni va sig‘imi;
  • to‘garakda faoliyat yuritayotgan sport turlari;
  • sport to‘garagida shug‘ullanayotgan sportchilar haqidagi ma’lumotlar;
  • trenerlik faoliyati bo‘yicha malaka oshirilganini tasdiqlovchi sertifikat.

Sport maktablari ariza kelib tushganidan so‘ng besh ish kuni ichida hujjatlarni ko‘rib chiqib, trenerlarni o‘z tizimiga biriktiradi. Bunda har bir tuman (shahar)dagi sport maktabi ko‘pi bilan besh nafar trenerni biriktirish huquqiga ega bo‘ladi.

Nizomga muvofiq, trenerlar sport maktabi trenerlari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy rag‘batlantirib boriladi. Buning uchun ular quyidagi ijtimoiy buyurtma talablarini bajarishi kerak:

  • vakolatli organ tomonidan belgilangan miqdor va me’yorlar asosida sportchilarni tayyorlash;
  • sportchilarni “ERP sport” tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • sportchilarning kunlik davomatini Face ID tizimi orqali muntazam elektron shaklda kiritib borish.

Mazkur tartib mahallalarda sport to‘garaklari faoliyatini rivojlantirish, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishini rag‘batlantirish hamda o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *