Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida avtobuslar uchun mo‘ljallangan BRT (Bus Rapid Transit) yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan ko‘chaning bir qismida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha avval Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etilib, poytaxt aholisi tomonidan ijobiy baholangan BRT yo‘lagini Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish doirasida amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, 24-iyul soat 01:00 dan 9-avgust soat 23:00 ga qadar Shahrisabz ko‘chasining Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida yo‘lni BRT talablari asosida moslashtirish ishlari olib boriladi.
Mazkur davrda yo‘l transport vositalari harakati uchun to‘liq yopilmaydi. Qurilish-ta’mirlash ishlari yo‘lning markaziy qismidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida amalga oshiriladi.
Ta’mirlash ishlari davomida har ikki yo‘nalishda avtomobillar harakati yo‘lning o‘ng chekkasidagi ikkita harakatlanish tasmasi orqali tashkil etiladi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi haydovchilardan ushbu hududda ehtiyotkorlik bilan harakatlanishni so‘rab, yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.