AQSHning Ogayo shtatida o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 21 yoshli yigit halok bo‘ldi. Hodisadan so‘ng haydovchiga ashyoviy dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishga urinish bo‘yicha ayblov qo‘yildi.
Mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 5-iyul kuni Ogayo shtatining Medison okrugidagi I-71 avtomagistralida yuz bergan.
42 yoshli Behzod Asrarov boshqaruvidagi Freightliner rusumli yuk mashinasi Honda Accord avtomobili bilan to‘qnashgan. Oqibatda yengil avtomobil haydovchisi, 21 yoshli Tobias Forsayt voqea joyida halok bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Asrarov 2024-yilda AQSHga diversifikatsion viza lotereyasi (Green Card) dasturi orqali kelgan. U tijorat yuk mashinasini boshqarish uchun zarur haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan. Biroq ingliz tilini bilmagani sababli hodisa joyida patrul xodimlari u bilan Google Translate orqali muloqot qilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, patrul xodimlari yuk mashinasini ko‘zdan kechirish chog‘ida videoregistratorning o‘rnatish moslamasi mavjudligini, ammo kameraning o‘zi joyida yo‘qligini aniqlagan. Keyinchalik Google Translate orqali o‘tkazilgan muloqot davomida haydovchi videokamerani o‘ng cho‘ntagiga solib qo‘yganini ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng Behzod Asrarovga ashyoviy dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishga urinish ayblovi e’lon qilingan. Uning yonidan uchta mobil telefon va elektron yuk tashish plansheti ham topilgan.
Hozircha o‘zbekistonlik haydovchiga yo‘l-transport hodisasi oqibatida yigitning o‘limi yuzasidan ayblov qo‘yilgani yo‘q. Tergov davom etmoqda va keyinchalik qo‘shimcha ayblovlar e’lon qilinishi mumkin.
Halok bo‘lgan Tobias Forsayt Massachusets universitetida darvozabon bo‘lib ishlagani ma’lum qilindi.
Hodisaga munosabat bildirgan AQSH transport vaziri Shon Daffi ingliz tilini bilmaydigan haydovchilarga og‘ir yuk mashinalarini boshqarishga ruxsat berilmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Yo‘l belgilarini o‘qiy olmaydigan yoki huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan muloqot qila olmaydigan haydovchilarga Amerika avtomagistrallarida 80 ming funt (taxminan 36 tonna) vazndagi yuk mashinalarini boshqarishga ruxsat bera olmaymiz”, dedi u.