Haftalik

Haftalik yangiliklar

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li 2028-yilda bitkazilishi mumkin

Lmo

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi dastlab rejalashtirilgan muddatdan ikki yil avval yakunlanishi mumkin. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, loyiha qurilishi 2024-yilda boshlangan bo‘lib, temiryo‘lni 2030-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Biroq qurilishda zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or uskunalardan foydalanilayotgani sabab ishlarni 2028-yilgacha yakunlash maqsad qilingan.

“Hamkorlarimiz Qirg‘iziston va Xitoy barcha zarur asbob-uskunalar hamda zamonaviy texnologiyalarni olib kelgan. Qurilishni muddatidan ikki yil oldin, ya’ni 2028-yilgacha tugatishga harakat qilyapmiz. Temiryo‘lga talab yuqori bo‘lgani sabab yangi yo‘llarga ehtiyoj ortmoqda”, dedi Choriyev.

Vazir o‘rinbosari loyiha O‘zbekiston tomonidan ham moliyalashtirilayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, temiryo‘lning asosiy qismi Qirg‘izistonning tog‘li hududlaridan o‘tadi va bu O‘zbekiston uchun muhandislik nuqtayi nazaridan yangi tajriba hisoblanadi.

“U yerdagi landshaft biz uchun mutlaqo yangi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li Markaziy Osiyoga logistika borasida katta imkoniyatlar yaratadi”, dedi u.

Ma’lum qilinishicha, yangi temiryo‘l ishga tushirilgach, yuk tashish hajmi dastlab yiliga 15 million tonnaga yetadi. 2040-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 20 million tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Qurilish ishlari davom etmoqda

Transport vaziri o‘rinbosarining bayonotidan avval, 3-iyun kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov parlamentda loyiha amalga oshirilishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasidagi 25 ta tunnelning 9 kilometrdan ortiq qismida qazish ishlari bajarilgan. Shuningdek, rejalashtirilgan 33 ta ko‘prikdan sakkiztasida qurilish ishlari boshlangan.

Hozirda xandaqlar qazish, poydevorlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Qurilishga 5 ming 883 ta maxsus texnika va 9 ming nafardan ortiq ishchi jalb etilgan.

Loyiha doirasida 19 ta stansiya, jumladan, ikkita chegara stansiyasi va bitta yuk ortish-tushirish stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 29 ta tunnel va 50 ta ko‘prik barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Qirg‘izistonda uch davlat ulushiga ega bo‘lgan temiryo‘l kompaniyasi tashkil etilgan bo‘lib, amaldagi rejaga ko‘ra loyiha 2030-yil oxirigacha yakunlanishi kerak. To‘liq quvvatda ishga tushgach, yuk tashish hajmi yiliga 15 million tonnagacha yetishi va yuklarni yetkazib berish muddati o‘rtacha yetti kunga qisqarishi kutilmoqda.

Biroq vazir Ilhom Mahkamov o‘sha chiqishida qurilish ishlari rejalashtirilgan muddatdan tezroq kechayotgani haqida ma’lumot bermagan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *