Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan Janubiy Koreyaga ishga va o‘qishga yuborish bilan bog‘liq bir qator firibgarlik holatlari fosh etildi. Holatlar Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Migratsiya agentligining Farg‘ona viloyati filiali sobiq rahbari B.X. 8 nafar fuqaroni imtihonlardan o‘tkazib, Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 90 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tekshiruvlarda fuqarolar S.A. va Sh.X. 22 nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 34,2 ming dollar hamda 79,3 million so‘mni olgani aniqlangan.
Jizzax viloyatida esa muqaddam sudlangan fuqaro I.A. 6 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreyaga ishga yuborishini aytib, 32,25 ming dollarni qo‘lga kiritgan.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida fuqaro X.X. 6 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 19 ming dollar olgan. U fuqarolardan biriga tegishli mablag‘ning bir qismini qaytarayotgan vaqtida ushlangan.
Samarqand shahrida fuqaro Z.M. bir fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 12,5 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Farg‘ona tumanida fuqaro A.K. migratsiya tizimida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga yuborishni va’da qilib, 10 ming dollar olgan. U mablag‘ning bir qismini qaytarayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Jizzax viloyatida fuqaro R.A. bir fuqaroni Koreyaga yuborishni va’da qilib, 7 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. U ham pulning bir qismini qaytarayotganida ushlangan.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida muqaddam sudlangan fuqaro B.I. yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilib, 5,6 ming dollar olgani aniqlangan.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Forish tumanida fuqaro I.X. bir fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 4 ming dollarni qo‘lga kiritgan. Mablag‘ning bir qismi qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.