O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Xi Jinpingga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, maktubda Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining yirik siyosiy arbobi sifatida mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichlariga boshlab borayotgani ta’kidlangan.
“Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda”, deyiladi tabrikda.
Davlat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini, do‘stlik, o‘zaro ishonch hamda har tomonlama strategik sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etgan.
Shuningdek, maktubda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda Xitoyning hamda Si Szinpinning doimiy ko‘magi va qo‘llab-quvvatlovi yuqori baholangan.
Tomonlar o‘rtasida barcha asosiy yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlik mexanizmlari shakllangani, “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida muhim amaliy natijalarga erishilgani ham alohida ta’kidlangan.
Mirziyoyev oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish orqali O‘zbekiston–Xitoy hamkorligini yanada yuqori bosqichga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirgan.
Maktub yakunida Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlat boshqaruvidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilangan.