Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Lacetti va BYD avtomobillari ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch kishi vafot etdi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 16-iyun kuni soat 03:10 atrofida Toshkent halqa avtomobil yo‘lining Uchtepa tumanidagi chorrahasida yuz bergan.
Aniqlanishicha, 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Lacetti avtomobili chorrahada keskin chapga burilgan. Shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan BYD bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, BYD avtomobilini 2010-yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan shaxs boshqargan.
YTH oqibatida Lacetti haydovchisi hamda 1999 va 2004-yillarda tug‘ilgan ikki yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Hodisa joyidan olingan tasvirlarda to‘qnashuv kuchi yuqori bo‘lgani, avtomobillar qismlari yo‘l bo‘ylab sochilib ketgani aks etgan. Guvohlarning aytishicha, zarba oqibatida yo‘l chetidagi bekat konstruksiyasi ham shikastlangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda hodisaning barcha holatlari va sabablari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.