Ichki ishlar vazirligi tizimi tomonidan Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida internet orqali faoliyat yuritib kelgan yirik narkotarmoq fosh etildi. Operatsiya davomida sakkiz nafar gumonlanuvchi ushlandi va ulardan jami 219 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlandi.
IIV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Telegram orqali 2023-yildan buyon noqonuniy savdo bilan shug‘ullanib kelgan J.Muriddinov qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, u oilasi bilan yashab kelgan ijaradagi xonadonni yashirin omborga aylantirib, u yerda 200 kilogrammdan ortiq “Pregabalin” hamda 10 kilogrammdan ziyod “Tropikamid” dori vositalarini saqlab kelgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur internet tarmog‘i orqali yiliga 800 kilogrammgacha kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy ravishda tarqatilgan. Bundan tashqari, guruh yashirin laboratoriyalarni maxsus kimyoviy vositalar bilan ta’minlab turgani aytilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar J.Muriddinov bir guruh shaxslarni birlashtirib, alohida jinoiy tuzilma tashkil qilganini ma’lum qildi.
Tezkor tadbirlar davomida guruhning omborchisi sifatida faoliyat yuritgan 1996-yilda tug‘ilgan Sh.Islomovning yashash manzili va avtomashinasi ham ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv vaqtida xonadondan laboratoriya jihozlari, avtomobil yukxonasidan esa 6 kilogramm “Pregabalin” va 100 gramm “Tropikamid” topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, 1994-yilda tug‘ilgan A.Qurbonov ham katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni saqlash bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Tergov materiallarida qayd etilishicha, guruh yetakchisiga yuqori daromad evaziga ishlagan Z.Abdurasulov, S.G‘iyosov va S.Murodov psixotrop vositalarni yashirin tarzda tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Ular 2 mingdan ortiq dori vositalarini tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi beshinchi qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llangan.
IIV ushbu shaxslarning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni ichki ishlar organlariga murojaat qilishga чақирди.